Sahrodagi ziyo

0

Sahrodagi ziyo

Dunyoda kasblar ko‘p. Ammo ular ichra eng ulug‘i o‘qituvchilikdir. Zero, har bir kasb egasi muallim qo‘lida o‘z yo‘lini topadi. Inson yo‘qki, ustoz-muallim sabog‘isiz kamolga yetgan bo‘lsa! Xalqimiz o‘qituvchi-pedagoglarni bejiz qadrlab, ko‘klarga ko‘tarmaydi. Ota-bobolarimiz Vatan, ota-ona va ustoz tushunchalarini uyg‘unlashtirib, ularni doimo ardoqlashga da’vat etgan. Bugungi kunda el ardog‘ida bo‘lgan ustozlarimizdan biri — Navoiy viloyati Uchquduq tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 19-maktab direktori Bekibayeva Rabig‘a Jubanishovna.

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, nafaqat tumanimizda, balki olis hududlarda ham o‘z aksini topmoqda. Bu islohotlarga o‘z javobini munosib tarzda berib kelayotgan, tuman markazidan uzoq bo‘lishiga qaramasdan kasbiga muhabbat va sadoqat bilan yondashib faoliyat olib borayotgan fidokor ustozlarimizdan biridir. Qishi eng sovuq, yozi esa issiq, jazirama bo‘ladigan Baltay ovulidagi maktabda 32 yildan beri faoliyat olib borayotgan Rabig‘a opa bugungi kunda har bir o‘qituvchiga ibrat bo‘la oladi.Uchquduq tumani viloyat markazidan qariyb 300 km uzoqlikda joylashgan. Maktab esa tumanning eng olis hududlaridan birida, tuman markazidan 175 km uzoqlikda, Qizilqumning qaynoq bag‘rida, sahro o‘rtasida, qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining chegarasi bilan 50 km oraliqda joylashgan. Maktabga yo‘lingiz tushsa, tuman markazidan 55 km uzoqlikdagi Qulquduq ovuliga bir qo‘nib, so‘ng Baltay ovuliga yo‘l olasiz. Yengil mashinada boraman deb aslo o‘ylamang. Negaki, tekis va ravon yo‘llar Qulquduqda o‘z yakuniga yetadi. 19-maktabga esa aholining maxsus mashinalarida yo‘lingizda davom etasiz. Bu yo‘lning aksariyat qismi bepoyon cho‘lu sahrolarga to‘g‘ri keladi. Bir soniya o‘tmay izlarni ko‘mib ketadigan qumliklarga duch kelasiz…Olis cho‘l, qizil qumlar, past-baland tepaliklar bag‘rida moʻjazgina maktabni ko‘rasiz.

Inson qayerda bo‘lmasin, eng avvalo o‘ziga yashash uchun qulay makon izlaydi. Ancha yillar ilgari Baltay ovuli insonlarning hayot kechirishi, chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun qulay bo‘lgan. Aholining ko‘chib ketishi natijasida ovulda yashovchilar soni tobora kamayib bormoqda. Bugungi kunda esa 7 ta oilada 25 kishi yashaydi. Asosiy ishi va kasbi chorvachilik bo‘lgan bu oilalarning farzandlari 19-maktabda tahsil oladi.

Maktab direktori Bekibayeva Rabig‘a Jubanishovna 1964 yil 12 fevralda Tomdi tumanida tug‘ilgan.1985 yildan pedagoglik faoliyatini tumanimizdagi 11-maktabda boshlagan, 19-maktabda esa 1989 yildan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi va 2010 yildan maktab direktori vazifasida ishlab kelmoqda. Direktor opamiz maktabni o‘z uyidek ko‘radi, hayotning chig‘iriqlariga, qishi eng sovuq, yozi esa eng issiq bo‘lsa ham makonini 32 yildan buyon tark etgan emas. O‘quvchilar uning farzandlari, jajji qora ko‘zlarni bir kun ko‘rmasa turolmaydi. O‘quvchilarni tadbiru bayramlarda o‘z hisobidan sovg‘a-salomlar bilan siylaydi, ularni ilm olishga chorlaydi. Maktabda o‘quvchilar soni 3 nafar. Shu o‘rinda aytish lozimki, yurtimizda ta’limga berilayotgan e’tibor havas qilsa arzigulik, xoh 3 ta bo‘lsin, xoh 3000 ta. Bolalar uchun albatta maktab bor.

1985 yilda 60 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan maktabda bugungi kunda esa 3 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ulardan 2 nafari 1-3-sinf o‘quvchilari komplekt tarzida o‘qitiladi, bir nafari esa 5-sinf o‘quvchisidir. Ta’lim muassasasida 3 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritadi, 2 nafari ovulda doimiy yashaydi. Bir nafari tarix fani o‘qituvchisi, talaba Meyliyev Shaxzod qo‘shni tumandan kelib ishlamoqda. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, maktabda pedagog kadrlarga ehtiyoj mavjudligi uchun Rabig‘a Bekibayeva Navoiy va Xorazm viloyatida tahsil oluvchi talabalarni uzoq muddatli amaliyot o‘tash uchun qabul qiladi. Talabalar nafaqat uning ishchi-xodimi, balki oila a’zosidir. Uzoq muddatli amaliyot o‘tayoganlar direktor opaning uyidan qo‘nim topadilar. Rabig‘a opa ularni o‘z farzandidan kam ko‘rmaydi, birga yashaydi, bir dasturxon atrofida o‘tiradi. Ularga pedagoglik sir-sinoatlari bilan birga hayot saboqlarini ham o‘rgatadi.

Maktabni o‘z uyi, o‘quvchilarni o‘z farzandidek sevgan Rabig‘a opa hozirda nafaqada bo‘lsa ham ish faoliyatini davom ettirmoqda. Ovul aholisi direktorni juda hurmat qiladi, o‘zlariga juda yaqin oladi. Aholining qay biri bilan suhbatlashmang, opaning oq ko‘ngillini, rahbar bo‘lsada juda kamtarligini, hech bir ishda chetda qo‘l qovushtirib o‘tirmasligini, shaharda yashash uchun imkoniyati bo‘lsa ham ovulni tashlab ketmasligini, qish kunlari o‘quvchilarim issiq xonalarda tahsil olsin deb ishchilari bilan birga ko‘mir yoqishini, maktab atrofini tozalashini, o‘qituvchilariga esa metodik qo‘llanmalar, ko‘rgazmalarni o‘z vaqtida yetkazib berishini, bir so‘z bilan aytganda, fidoyi ustoz ekanligini e’tirof etadilar.

Maktabdagi uch o‘qituvchi direktorning bir qanoti bo‘lsa, uch o‘quvchi esa uning ikkinchi qanotidir. Ular shukronalik hissi bilan yashaydilar. Har bir islohotga «labbay» deb javob beradilar. Zero, yosh avlod yurt tayanchidir.

 

Navoiy viloyati Uchquduq tumani xalq ta’limi bo‘limi Axborot xizmati

       

 

Javob yozish

Your email address will not be published.

%d такие блоггеры, как: