NAVOIY VILOYATI TAJRIBASI O‘RGANILDI

0

NAVOIY VILOYATI TAJRIBASI O‘RGANILDI

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning Navoiy viloyatiga tashrifi davom etdi. Vazir safarining ikkinchi kunini viloyat hokimining o‘rinbosari Ya.Dushanov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Shamuratov, Navoiy shahar hokimi M.Bazarov, Navoiy shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri R.Hayitovalar hamrohligida Navoiy shahridagi Beruniy nomli nodavlat ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishishdan boshladi. Mazkur ta’lim muassasasidagi sharoitlar, o‘qitishning innovasion metodlari, o‘qituvchilar salohiyati iliq taassurot qoldirdi. Shundan so‘ng shahardagi tabiiy fanlarga ixtisoslashgan Qorako‘l maktabiga borildi. Bu yerdagi mavjud imkoniyatlar, pedagogik jamoaning yuqori saviyasi, o‘ziga xos tajriba bilan yaqindan tanishdi. 220 o‘rinli oshxona, o‘quv binosining jihozlanishi tashrif buyurganlarga manzur bo‘ldi.
   Tashrif yo‘nalishi viloyatning Navbahor tumaniga qarab yo‘l oldi. Tuman hokimi L.Obloqulov tumandagi 7-umumta’lim maktabidagi tajriba bilan tanishtirdi. Joriy yilda mazkur ta’lim muassasasi bitiruvchilarining 40 foizi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirgan. Maktab rahbariyati o‘z ish uslubi bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi. «Obod qishloq” dasturi asosida qurilib, foydalanishga topshirilgan maktabda 40 nafar o‘qituvchi yoshlarga ta’lim berib kelmoqda. Xalq ta’limi vaziri maktab jamoasiga o‘z tavsiyalarini berdi va tashrif davom etdi.
   Konimex tumanidagi umumta’lim maktablarning ham ko‘rsatkichlari turlicha bo‘lib, 32-, 33-, 5-umumta’lim maktablarning bitiruvchilari 60 foizi oliy ta’lim muassasalariga kirgan. Tumandagi 9-umumta’lim maktabi eng past ko‘rsatkichda. 198 nafar o‘quvchiga 33 nafar o‘qituvchi ilm bermoqda. Tahlillardan kelib chiqib, Xalq ta’limi vaziri tuman xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilariga ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.
   Nurota tumanida ham oliy ta’lim muassasalariga kirish natijasi bo‘yicha eng quyi o‘rinlarda turgan 4- va 55-umumta’lim maktablarga tashrif chog‘ida Sh.Shermatov o‘qitish sifatining tushib ketish sabablari to‘g‘risida tahlil yuritib, mazkur ta’lim muassasalari rahbarlari oldiga muhim topshiriqlar qo‘ydi.
   Pedagogik kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvda Xalq ta’limi vaziri o‘qituvchilarni harakatga keltirish uchun nima qilish lozimligi yuzasidan qimmatli fikrlarini bildirib o‘tdi. Mazkur markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning sarhisobini eshitgach, bu muassasaning imkoniyatlari, yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish mumkinligi to‘g‘risida zarur ko‘rsatma va tavsiyalarni o‘rtaga tashladi.
   Tashrifning ikkinchi kuni qizg‘in, muhokamalarga boy va foydali tarzda kechdi.

Javob yozish

Your email address will not be published.

%d bloggers like this: