UYGA VAZIFA – O‘QUVCHINI MUSTAQIL ISHLASHGA O‘RGATADI.

0

Yurtimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning barkamol avlodlar bo‘lib voyaga etishlari borasida keng ko‘lamdagi amaliy ishlar qilinib kelinmoqda. Xususan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ham o‘quvchilarning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilib berilgan. Pedagog xodimlarni doimiy izlanishga, kelajak avlodlarni etuk kadrlar qilib kamolga etkazishlari borasida o‘z ishiga nisbatan mas’uliyat bilan qarashlarini zamonning o‘zi talab etmoqda.

  Darhaqiqat yoshlarimizni mustaqil fikrlaydigan barkamol avlodlar qilib tarbiyalash har bir pedagog uchun muqaddas vazifadir. Bu o‘z navbatida ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya sifat va samaradorligiga  bevosita bog‘liqdir.

Pedagogikada “Yomon o‘qituvchi o‘qitadi, yaxshi o‘qituvchi o‘qishga o‘rgatadi” degan gap bor. Haqiqatdan ham o‘quvchilarni mustaqil izlanish olib borishga o‘rgatish ta’lim sifatini oshirishda eng muhim omillardan biridir.

Ta’lim-tarbiya  sifati va samaradorligini oshirish hamda o‘quvchilarni mustaqil fikrlay oladigan, ularni dunyoqarashini kengaytirishda bir qator omillar qatorida o‘quvchilarga beriladigan uyga vazifalar katta ahamiyat kasb etadi. O‘quvchilarga uyga vazifa berish orqali:

 Birinchidan darsda berilgan bilim va ko‘nikmalarning yanada mustahkamlanishiga erishiladi ;

Ikkinchidan o‘quvchilarning berilgan bilimlar bo‘yicha mustaqil ishlashlari tashkil etiladi;

Uchinchidan o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlari mazmunli tashkil etiladi;

To‘rtinchidan o‘quvchilarda dastlabki tadqiqotchilik ko‘nikmalari shakllantiriladi;

      Innovatsion pedagogik texnologiyalarning ta’lim jarayoniga keng tatbiq etilib borilishi natijasida darslarda ko‘p vaqt sarflamasdan o‘quvchilarga ko‘p ma’lumotlarni berish imkoniyati mavjud. Bu borada ayniqsa darslarda axborot kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Natijada darsning mazmunli va sifatli  tashkil etilishiga  erishiladi. Biroq barcha o‘quvchilarning jismoniy jixatdan imkoniyatlarini teng baholab bo‘lmaydi. CHunki aynan qirq besh minut davomida sinfdagi o‘quvchilarning barchasiga ham bir xil miqdorda berilgan ma’lumotlarni o‘zlashtirishiga erishish juda mushkul. Bunga bir tarafdan o‘quvchilarning ruhiy holati ham ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, ayrim o‘quvchilar o‘qituvchiga bor diqqatini jalb etib turgandek tuyulsada, ularning xayolida boshqa o‘ylar kechayotgan bo‘lishi mumkin. Sinf o‘quvchilarining turli xildagi oilaviy shart-sharoit, uydagi ma’naviy muhit ta’sirida ekanligini pedagoglar doimo hisobga olishlari lozim. Bundan tashkari o‘quvchilarning fiziologik holati ham bunga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Jumladan, umumta’lim maktablarida darslar davomida o‘zlashtirilayotgan ko‘p miqdordagi ma’lumotlar o‘quvchilarning jismoniy toliqishiga, diqqatini bir joyga jamlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Birinchi soatdagi jismoniy holatni to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi soatdagi darslarga qadar ushlab turishning imkoniyati bo‘lmasligi mumkin.

Bugungi kunda rivojlangan axborot asri davrida axborotlarni izlash, ulardan foydalanish va tahlil qilish uchun foydalanuvchilarga katta imkoniyatlar eshigi ochilgan. Bularga misol qilib internet tizimining imkoniyatlari, turli mavzulardagi kitoblar, gazeta va jurnallarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Mazkur manbalardan bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim dasturlariga kiritilgan mavzular bo‘yicha istagancha qo‘shimcha ma’lumotlarni izlab topish mumkin. O‘qituvchilar tomonidan o‘tilgan mavzular bo‘yicha o‘quvchilarga uyga vazifalarni berishda ularni o‘z ustida ishlashga undaydigan topshiriqlarga ko‘proq ahamiyat berilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. CHunki o‘quvchilarning darslikdan tashkari turli manbalardan axborot izlab topishi o‘quvchida nafaqat mazkur mavzu bo‘yicha keng bilimlarni shakllantirib qolmasdan, fanning, mavzuning turli qirralarini kichik tadqiqot orqali o‘zi uchun ochishi uning fanga bo‘lgan qiziqishini oshishiga xizmat qiladi. Bunda o‘qituvchidan o‘quvchilarga kerakli manbalarni aniq ko‘rsata olish  va yo‘nalishni to‘g‘ri belgilab berish talab etiladi. SHu boisdan ham o‘qituvchilarning o‘z faniga oid manbalar bilan chuqur tanishgan bo‘lishi, ulardan o‘z faoliyati davomida qo‘llashi katta ahamiyatga ega.

 SHu o‘rinda aytish lozimki barcha axborot manbalari hamda  axborotlarni ham o‘quvchi ma’naviyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi deb bo‘lmaydi. O‘qituvchi tomonidan mavzuga oid manbalarni ko‘rsatib berilishi natijasida o‘quvchilarning boshqa axborot manbalari bilan chalg‘imasligi, o‘z navbatida o‘zining dastlabki tadqiqotchilik faoliyatini olib borishi bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Uyga vazifa pedagoglarning ota-onalar o‘rtasidagi obro‘-e’tiborining oshishiga ham olib keladi. To‘g‘ri berilgan uyga vazifalar va hamda ularning monitoringini olib borilishi o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etilishini ta’minlaydi. O‘qituvchilarning darslarga puxta tayyorgarlik bilan kirishlari, darslarni o‘quvchilar bilan  do‘stona munosabatda  ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etishlari dars sifatini ta’minlabgina qolmasdan o‘quvchilarning mazkur fanga bo‘lgan qiziqishlarini ham oshiradi. Bu o‘z navbatida o‘qituvchi tomonidan berilayotgan uyga vazifalarga ham o‘quvchilarning ijodiy yondashishlariga va mas’uliyat bilan qarashlariga turtki bo‘ladi. O‘z farzandining o‘qituvchisi tomonidan berilgan uyga vazifalarni ishtiyoq bilan bajarayotganligini ko‘rgan har bir ota-ona quvonishi tabiiy albatta.  

 

 

 

 

G‘aniev Ixtiyor Ismatilloevich    

Uchquduq tuman XTB bosh inspektor-metodisti

Javob yozish

Your email address will not be published.

%d такие блоггеры, как: